Toshkent. 21-aprel. «INNOPROM. Markaziy Osiyo» xalqaro sanoat ko‘rgazmasi innovatsiyalarni namoyish etish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun muhim platforma ekanini yana bir bor tasdiqlamoqda. Bu yilgi tadbir Markaziy Osiyo mamlakatlari, shuningdek, Rossiya va Belarus davlat tuzilmalari, investorlari hamda biznes vakillarini bir joyga to‘pladi.
Ko‘rgazma ekspozitsiyasi shahar infratuzilmasi va transportini rivojlantirishdan tortib, ishlab chiqarishni raqamlashtirishgacha bo‘lgan keng ko‘lamli texnologik yechimlarni o‘z ichiga oladi. Taqdim etilgan ishlanmalar qatorida intellektual monitoring tizimlari, robotlashtirilgan majmualar, uchuvchisiz texnologiyalar va kelajak sanoati qiyofasini shakllantirayotgan yangi avlod raqamli platformalari bor.
Shu munosabat bilan mamlakatning eng yirik mobil operatori bo‘lgan Ucell kompaniyasi biznes samaradorligini oshirish va korxonalarning barqaror rivojlanishiga yo‘naltirilgan raqamli yechimlar turkumini taqdim etdi.
“Ucell o‘zining texnologik yetakchilik maqomini tasdiqlashga hamda nafaqat aloqa xizmatlari yetkazib beruvchi, balki transformatsiyaning barcha bosqichlarida biznesga hamrohlik qiluvchi to‘laqonli raqamli sherik bo‘lishga intiladi. INNOPROMdagi ishtirok — bu kabi hamkorlikni rivojlantirish hamda sheriklar va mijozlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish yo‘lidagi navbatdagi qadamdir”.
“Zamonaviy biznes barqaror rivojlanish va jarayonlarning shaffofligiga tobora ko‘proq yo‘naltirilmoqda. Aynan shuning uchun ekologik monitoring sohasidagi yechimlar strategik ahamiyat kasb etmoqda. Ucell platformasi shunchaki ma’lumotlar yig‘ish bilan cheklanmay, ularni biznes samaradorligi va mas’uliyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan boshqaruv qarorlariga aylantirish imkonini beradi”.
Kompaniyalarga sayyor xodimlarni samarali boshqarish imkonini beradigan “Kadrlar nazorati” yechimiga alohida e’tibor qaratildi. Tizim fotohisobotlar, geolokatsiya va vazifalar bajarilishini real vaqt rejimida kuzatib borish orqali jarayonlarning shaffofligini ta’minlab, ish jarayonlarining ishonchliligi hamda boshqariluvchanligini oshiradi.
Ko‘rgazma davomida Ucell mutaxassislari yechimlarning funksional imkoniyatlarini namoyish etib, ularni qo‘llash bo‘yicha amaliy keyslarni taqdim qildilar va biznes vakillari uchun maslahatlar o‘tkazdilar. Bunday format ishtirokchilarga texnologiyalarning o‘z loyihalari uchun amaliy ahamiyatini baholash imkoniyatini yaratdi.
Ko‘rgazmadagi ishtirok Ucell uchun texnologik yetakchi, biznes va davlat uchun esa ishonchli raqamli hamkor sifatidagi mavqeini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi. Kompaniya iqtisodiyotning raqamli transformatsiyasiga va mintaqada barqaror texnologik muhitni shakllantirishga yordam beradigan innovatsion yechimlarni rivojlantirishda davom etmoqda.
© Yangiliklar24 . All Rights Reserved.