Joriy yilning 13-noyabr kuni poytaxt Toshkentning Islom sivilizatsiyasi markazida boshlangan “Markaziy Osiyo: umumiy ma’naviy-ma’rifiy meros – umumiy kelajak” mavzusidagi xalqaro kongress ish o‘z ishini 14-noyabr kuni “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon madaniyat vazirlarining ilk uchrashuvi bilan davom ettirdi.
Mazkur uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Qozog‘iston Respublikasi madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva, Qirg‘iz Respublikasi madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vaziri Mirbek Mambetaliyev, Tojikiston Respublikasi madaniyat vaziri Matluba Sattoriyon, Turkmaniston madaniyat vaziri Atageldi Shamiradov va faxriy mehmon sifatida Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vaziri Adil Kerimli ishtirok etishdi. Majlis qamrovi va darajasi jihatida ilk bora o‘tkazildi.
Uchrashuv kun tartibidan quyidagi masalalar o‘rin oldi:
1. Mintaqaviy madaniy hamkorlikning joriy holati va istiqbollari;
2. Mintaqadagi madaniyat arboblari o‘rtasida madaniy almashinuvni kengaytirish;
3. Markaziy Osiyo uchun madaniy brendni rivojlantirish.
Markaziy Osiyo davlatlari madaniyat vazirlari Toshkentda mintaqaviy madaniy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.
Uchrashuv davomida madaniy aloqalarni yanada kengaytirish, xalqlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va bag‘rikenglikni mustahkamlash, shuningdek, mintaqada tinchlik va o‘zaro tushunishni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar ko‘rib chiqildi. Tomonlar san’at, adabiyot, kino, teatr va musiqa sohalarida qo‘shma tadbir va festivallarni o‘tkazishni qo‘llab-quvvatladi.
Tomonlar “Markaziy Osiyo madaniy brendi”ni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh tuzish imkoniyatini ko‘rib chiqishga rozilik bildirdilar. Keyingi vazirlar uchrashuvining sanasi va joyi belgilanishi ma’lum qilindi.
Uchrashuv yakunida, Markaziy Osiyo madaniyat vazirlari o‘rtasida hamkorlik yuzasidan teng kuchga ega besh nusxada bayonnoma imzolandi. imzolandi.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy Osiyo madaniyat vazirlarining ushbu formatdagi uchrashuvi ilk marotaba o‘tkazildi.
© Yangiliklar24 . All Rights Reserved.