Shveysariyaning Jeneva shahrida Atrof-muhitga ta’sirni transchegaraviy kontekstda baholash to‘g‘risidagi Konvensiya (Espo konvensiyasi) va Strategik ekologik baholash (SEB) protokoli doirasida Atrof-muhitga ta’sirni baholash (AMTB) va SEB bo‘yicha Ishchi guruhning 13-yig‘ilishi (1–3-dekabr) bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Davlat ekologik ekspertizasi markazi direktori G‘ayrat Mahamedov boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun, Espo konvensiyasi BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi tomonidan ilgari surilgan xalqaro bitim bo‘lib, 1991-yilda Finlyandiyaning Espo shahrida imzolangan va 1997-yilda kuchga kirgan. Konvensiyaga ko‘ra, atrof-muhitga ta’sirni baholash tartibi potensial xavfli loyihalar bo‘yicha nafaqat ushbu loyiha amalga oshirilayotgan davlatning o‘zida, balki uning ta’sir doirasiga tushishi mumkin bo‘lgan qo‘shni mamlakatlarda ham o‘tkazilishi lozim. Konvensiya talablariga binoan, baholash jarayoni rejalashtirishning eng dastlabki bosqichlaridanoq amalga oshirilishi kerak.
Tadbirda O‘zbekiston vakillari tomonidan mamlakatda amalga oshirilayotgan ekologik islohotlar, AMTB va SEBning yangi mexanizmlarini joriy etish, ekologik jarayonlarni raqamlashtirish va jamoatchilik ishtirokini kengaytirish bo‘yicha ishlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro hamkorlikni kuchaytirishda faol ekani ta’kidlandi.
Ushbu muhim tadbirda O‘zbekistonning ishtiroki xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, milliy islohotlarni taqdim etish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida tajriba almashish uchun muhim imkoniyat hisoblanadi.
© Yangiliklar24 . All Rights Reserved.