O‘zbekiston va Qozog‘iston sayg‘oqlarni muhofaza qilish borasidagi yangi chaqiriqlarni muhokama qildi

O‘zbekiston va Qozog‘iston sayg‘oqlarni muhofaza qilish borasidagi yangi chaqiriqlarni muhokama qildi

Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda Qozog‘iston Respublikasi Ekologiya va tabiiy resurslar vazirligi hamkorligida “Sayg‘oq: yangi chaqiriqlar” mavzusidagi parallel tadbir bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbir yo‘qolib borayotgan yovvoyi hayvon va o‘simlik turlari bilan xalqaro savdo to‘g‘risidagi konvensiya ishtirokchi tomonlarining 20-konferensiyasi (CITES CoP20) doirasida tashkil etildi hamda Markaziy Osiyo cho’l ekotizimlarining asosiy turlaridan biri bo‘lgan sayg‘oq populyatsiyasini saqlash va barqaror boshqarishga bag‘ishlandi.

Mazkur tadbir Qozog‘iston va O‘zbekistonning tegishli vazirliklari, ilmiy muassasalari, xalqaro va milliy tabiatni muhofaza qiluvchi tashkilotlar hamda jayronni o‘rganish va saqlash bilan shug‘ullanuvchi ekspertlarni birlashtirdi.

Tadbirni Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov va Qozog‘iston Respublikasi Ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Yerlan Nysanbayev ochib berdi. Shuningdek, ochilish marosimida sayg‘oq va uni saqlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqidagi video-taqdimot namoyish etildi.

J. Kazbekov o‘z nutqida sayg‘oq — qadimiy va noyob turning noqonuniy ov va noqonuniy savdo oqibatida yo‘qolib ketish yoqasiga kelib qolganini ta’kidladi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston sayg‘oqlarni muhofaza qilish borasidagi yangi chaqiriqlarni muhokama qildi
«O‘zbekiston Ustyurtdagi populyatsiyani barqaror boshqarishdan manfaatdor. Bizning ekotizimlarimiz o‘zaro bog‘langan, dasht va cho‘llarimiz yagona tabiiy landshaftni tashkil etadi, demak, mas’uliyat ham umumiy. Bugun O‘zbekiston va Qozog‘iston migratsiya yo‘llarini monitoring qilishdan tortib patrullash, ma’lumot almashish, tadqiqotlar va brakonyerlikka qarshi kurash choralari kabi yo‘nalishlarda yaqin hamkorlik qilib kelmoqda. Biz buni umumiy manfaatlar va umumiy ekologik mas’uliyatga asoslangan strategik sheriklik deb bilamiz», — dedi o‘rinbosar.

Dastur doirasida bir qator tematik ma’ruzalar taqdim etildi, jumladan, O‘zbekiston Respublikasida sayg‘oq populyatsiyasini tiklash, Qozog‘istondagi jayronlar sonining dinamikasi, xalqaro va milliy nodavlat tashkilotlarning mazkur populyatsiyalarni saqlashdagi hissasi, Qozog‘istonda sayg‘oqlarni boshqarish rejalari, shuningdek, Qozog‘iston Respublikasining markirovka bo‘yicha milliy operatori — “Qozoqtelekom” AJ faoliyati haqida ma’lumot berildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tajriba almashdilar, dolzarb muammolar va kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildilar. Muhokamalar natijalarida sayg‘oq populyatsiyasini saqlash bo‘yicha qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish, monitoring mexanizmlarini takomillashtirish va zamonaviy yondashuvlarni joriy etish zarurligi qayd etildi.

Сўнгги янгиликлар

Категориялар

© Yangiliklar24 . All Rights Reserved.