Ozarbayjon Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Elchixonasi huzurida faoliyat ko‘rsatadigan Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazida Dunyo Ozarbayjonliklarining Birdamligi Kuni va Yangi yil munosabati bilan “Madaniyat — kuchimiz, birdamlik — birligimizdir” shiori ostida bayram tadbiri oʻtkazildi. Tadbirda diplomatik korpus vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari namoyandalari, madaniyat va sanʼat xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek Oʻzbekistonda yashayotgan Ozarbayjon diasporasi aʼzolari va vatandoshlarimiz ishtirok etdilar.
Tadbirning rasmiy qismi Ozarbayjon Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyalarining yangrashi bilan boshlandi.
Konsert dasturining musiqiy qismida Ozarbayjonning taniqli xonandasi Ravon Qachayev va yosh qoʻshiqchi Ulkar Abdullayeva chiqish qildilar. Ularning ijrosida Vatanga, milliy oʻzlikka, doʻstlik va birdamlikka bagʻishlangan qoʻshiqlar yangradi.
Xoreografik qismda esa Madaniyat Markazining huzurida faoliyat yuritayotgan “Qorabogʻ Zafari” raqs ansamblining chiqishlari namoyish etildi. Milliy raqslar xalqimizning tarixiy xotirasi, milliy gʻururi va birlik ruhini aks etdirdi.
Tadbir yakunida mukofotlash marosimi oʻtkazildi. Marosim davomida Oʻzbekistonda Ozarbayjon madaniyatini targʻib etishda faol ishtirok etgan ijodiy jamoalar va jamoatchilik faollari taqdirlandilar. Mukofotlanganlar teatr sanʼati, milliy raqs, tasviriy sanʼat, shuningdek televideniye va media sohalarini qamrab oldi.
Bayram tadbiri Yangi yil munosabati bilan bildirilgan ezgu tilaklar bilan yakunlanib, Ozarbayjon va Oʻzbekiston oʻrtasidagi madaniy hamkorlik kelajakda ham muvaffaqiyatli davom ettirilishiga ishonch bildirildi.
© Yangiliklar24 . All Rights Reserved.