Bu jarayon xalqaro Minamata konvensiyasi doirasida amalga oshirilmoqda. Konvensiyaning bosh maqsadi — simob va uning birikmalari ta’sirini kamaytirish, inson sog‘lig‘i va atrof-muhitni muhofaza qilishdir.
Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Xavfli kimyoviy moddalarni oqilona boshqarish bo‘yicha texnik ko‘mak” loyihasi doirasida tashkil etilgan seminarda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi mutaxassislari, energetika, sanoat, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi sohalari vakillari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Xalqaro ekspert Yakob Maag rahbarligida ishtirokchilar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (UNEP) Simob inventarizatsiyasi bo‘yicha qo’llanmasi bilan tanishtirildi. Metodologiyani bevosita milliy ma’lumotlarga qo‘llagan holda, ekspertlar bir qator ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha dastlabki inventar loyihalarini ishlab chiqdilar.
FAOning qishloq xo‘jaligi bo‘yicha mutaxassisi va loyiha texnik rahbari Taniya Santivanes seminar natijalariga to‘xtalar ekan, shunday dedi:
“Seminar davomida O‘zbekiston mutaxassislari simob inventarizatsiyasini mustaqil olib borish uchun zarur bo‘lgan eng muhim amaliy ko‘nikma va vositalarni egalladilar. Eng muhimi, biz nazariyadan amaliyotga o‘ta oldik — jamoa allaqachon milliy ma’lumotlar asosida dastlabki inventar loyihalarini shakllantirishni boshladi.”
Uning aytishicha, bu kabi real amaliy natijalar xalqaro majburiyatlarni bajarish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tizimlarining uzoq muddatli xavfsizligini ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan analitik nazorat markazi direktori Rustam Ergashev seminar ahamiyatini quyidagicha izohladi:
“Simob bo‘yicha ilmiy asoslangan inventarni yaratish — biz uchun milliy ustuvor vazifa va Minamata konvensiyasiga qo‘shilishning eng muhim shartlaridan biridir. Ushbu seminar mutaxassislarimizni zamonaviy metodologiya bilan qurollantirdi, idoralararo hamkorlikni kuchaytirdi va xavfli kimyoviy moddalarni boshqarish bo‘yicha milliy strategiyamizni oldinga siljitadigan muhim qadam bo‘ldi.”
Seminar natijalari O‘zbekistonning Milliy simob inventarizatsiyasi qaysi sohalarda ifloslanish xavfi yuqori ekanini aniqlash va samarali choralar ishlab chiqish imkonini beradi. Malakali milliy jamoaning shakllanishi va idoralararo hamkorlikning mustahkamlanishi inventarizatsiyani to‘liq yakunlash uchun ishonchli asos yaratadi. Tayyorlanayotgan inventar esa kelgusida aholining sog‘lig‘i va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan, ilmiy dalillarga asoslangan siyosiy qarorlar uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
© Yangiliklar24 . All Rights Reserved.