O‘zbekistonda 27 hududdagi sifatsiz xizmat uchun 11 ta sanitar tozalash korxonasi jarimaga tortildi

O‘zbekistonda 27 hududdagi sifatsiz xizmat uchun 11 ta sanitar tozalash korxonasi jarimaga tortildi

So‘nggi yillarda mamlakatimizda chiqindilarni boshqarish tizimini tubdan yaxshilash, sanitar tozalash xizmatlarining samaradorligini oshirish hamda sohadagi ishlar bo‘yicha aholining roziligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu maqsadda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 26-sentabrdagi PF–149-son Farmoni qabul qilinib, qattiq maishiy chiqindilarni yig‘ish, tashish va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi sanitar tozalash korxonalari faoliyatini baholashning yangilangan va aniq mezonlarga asoslangan tizimi joriy etildi.

Farmonga muvofiq, sanitar tozalash korxonalarining faoliyati jismoniy va yuridik shaxslar qamrovi, tushgan shikoyatlar soni, chiqindilarni olib chiqish jadvaliga amal qilinishi, investitsiya majburiyatlarining bajarilishi, xavfli chiqindilar uchun konteynerlar bilan ta’minlanganlik darajasi, to‘plangan chiqindilar tarkibida ikkilamchi xomashyo ajratib olish ulushi va boshqa ko‘rsatkichlar bo‘yicha baholanadi.

Jumladan, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi 2025-yil aprel-noyabr oylarida sanitar tozalash korxonalari faoliyatini yangilangan mezonlar asosida baholab bordi.

Olib borilgan monitoring natijasida jami 105 ta sanitar tozalash korxonasi reytingdan o‘tkazilib, ulardan 41 tasi “yashil”, 53 tasi “sariq” va 11 tasi “qizil” toifaga kiritildi.

Sentabr-oktabr oylarida ko‘rsatkichlarini yaxshilamagan va “qizil” toifada qolgan quyidagi korxonalar:

  • Andijon viloyati: “Yuksak Orzu Baraka” MChJ (Bo‘ston, Shahrixon, Marhamat va Buloqboshi tumanlarida xizmat ko’rsatadi), “Fiorenzo” MChJ (Baliqchi va Ulug‘nor);
  • Qashqadaryo viloyati: “Koson stroy standart servis” MChJ (Koson), “Eko-hayot” MChJ (Qarshi, Nishon), “Beknur stroy savdo” IChK (Dehqonobod), “Kasbi eko hayot” MChJ (Kasbi), “Intizor Oybekovna” XK (Mirishkor);
  • Namangan viloyati: “Namangan Musaffo Iqlim” MChJ (Namangan shahri, Yangi Namangan, Davlatobod, To‘raqo‘rg‘on, Mingbuloq va Namangan tumanlari);
  • Surxondaryo viloyati: “Bio Tex Eko” MChJ (Sariosiyo, Uzun);
  • Farg‘ona viloyati: “Agro Rishton Ta’mir Servis” MChJ (Dang‘ara, Uchko‘prik, Buvayda, Bog‘dod va Rishton);
  • Toshkent viloyati: “Zangiota obodon” MChJ (Toshkent tumani va Chirchiq shahri).

Monitoring davomida olti oy ketma-ket “qizil” toifada qolgan 14 ta korxonaga shartnomaviy majburiyatlarni buzganligi uchun jarima chorasi qo‘llanildi.

Bular:

  • Andijon viloyati: “Madamin Sayd-Kamron” MChJ, “Tozalikda Baraka” MChJ, “Buloqboshi Sanitar Tozalik” MChJ, “Yuksak Orzu Baraka” MChJ, “Andijon Tezkor Tozalik” MChJ;
  • Qashqadaryo viloyati: “Koson stroy standart servis” MChJ, “Eko-hayot” MChJ, “Beknur stroy savdo” IChK, “Kasbi eko hayot” MChJ, “Intizor Oybekovna” XK;
  • Namangan viloyati: “Namangan Musaffo Iqlim” MChJ;
  • Surxondaryo viloyati: “Bio Tex Eko” MChJ;
  • Farg‘ona viloyati: “Agro Rishton Ta’mir Servis” MChJ.
  • Toshkent viloyati: “Zangiota obodon” MChJ (Toshkent tumani va Chirchiq shahri).

Jarima summalari korxonalar bilan tuzilgan bitimlarga muvofiq akseptsiz tartibda undirilishi belgilangan.

Farmon talablariga binoan, jarimadan keyin ham uch oy ketma-ket “qizil” toifadan chiqa olmagan korxonalar bilan tuzilgan shartnomalar Ekologiya vaziri roziligi bilan davlat sherigi tomonidan bir tomonlama bekor qilinishi mumkin.

Shu tartib asosida 2025-yil 1-noyabrdan “Buloqboshi Sanitar Tozalik” MChJ bilan tuzilgan bitim bekor qilindi va 1-avgustdan “Urganch avto eko trans” MChJ o‘rniga Urganch shahri va tumanidagi barcha mahallalar viloyat “Toza hudud” DMga biriktirildi.

Agentlik reyting tizimi tamoyillari asosida yaxshi natija ko‘rsatgan “yashil” toifadagi korxonalarga qo‘shimcha hududlar biriktirish bo‘yicha takliflar kiritmoqda, bu esa xizmat darajasini oshirish va aholining roziligini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, bu borada Agentlik nazoratni kuchaytiradi va aholiga sifatli xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash bo‘yicha ishlarni davom ettiradi.

Сўнгги янгиликлар

Категориялар

© Yangiliklar24 . All Rights Reserved.