30-noyabr kuni Andijonda «Silk Road» xalqaro ommaviy yugurish musobaqasining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Markaziy Osiyo yugurish va yurish akademiyasi tomonidan Andijon viloyati hokimligi ko‘magida tashkil etildi.
“Andijan Silk Road” sport mavsumining e’tiborga sazovor tadbirlaridan biriga aylanib, qariyb 4000 nafar ishtirokchini jamladi. Ommaviy yugurish musobaqasida viloyat aholisi, poytaxt va mahalliy yugurish klublari a’zolari, professional sportchilar, talabalar, maktab o‘quvchilari hamda Buyuk Britaniya, Qozog‘iston, Kanada, Qirg‘iziston, Hindiston, Ispaniya, Tojikiston, Filippinlar, Shveytsariya, Janubiy Afrika va Janubiy Koreyadan tashrif buyurgan xorijiy mehmonlar qatnashdi.
Ishtirokchilarga 5, 10 va 21 km masofalar, Nordic Walking, shuningdek, “Kids Run” bolalar ommaviy yugurish musobaqalari taqdim etildi. So‘nggisi oilalarning ishtiroki va faol turmush tarzi madaniyatini targ‘ib qilish ramziga aylandi.
“Andijan Silk Road” mukofot jamg‘armasi 165 million so‘mni tashkil etdi. Tashkilotchilar tashabbusi bilan 50-59, 60-69, 70-79 va 80+ yoshdagi qo‘shimcha toifalar joriy etildi. Bu oilalarning ishtirokini kengaytirish va do‘stona musobaqa muhitini yaratish imkonini berdi. Marraga yetib kelgan barcha ishtirokchilar xalqaro yugurish musobaqasida qatnashganliklarining ramzi sifatida esdalik medallari bilan taqdirlandi.
“Silk Road” loyihasi ommaviy sportni rivojlantirish, yugurish sportini ommalashtirish hamda mintaqalararo va xalqaro do‘stlikni mustahkamlashga qaratilgan. Andijon bosqichi viloyat aholisining sport tashabbuslariga qiziqishi tobora ortib borayotganini namoyon etdi.
Navbatdagi “Silk Road” ommaviy yugurish musobaqalari 26-aprel kuni Buxoroda va 10-may kuni Shahrisabzda bo‘lib o‘tadi.
© Yangiliklar24 . All Rights Reserved.