Kadrda tabiiy meros: Toshkentda fotokoʻrgazma ochildi

Kadrda tabiiy meros: Toshkentda fotokoʻrgazma ochildi

10-dekabr kuni Toshkent fotosuratlar uyida “Oʻzbekistonning tabiiy merosi” nomli fotokoʻrgazma ochildi. Tadbir Ekologiya va iqlim o’zgarishi milliy qo’mitasi tomonidan tashkil etilgan boʻlib, u 8-dekabr kuni nishonlanadigan Jahon iqlim kuniga bagʻishlangan. Koʻrgazma mamlakatimizning noyob tabiiy obyektlarini keng ommalashtirish, shuningdek, global iqlim oʻzgarishining Oʻzbekiston ekotizimlariga tobora kuchayib borayotgan taʼsiriga eʼtiborni qaratish ishlarining davomi boʻldi.

Ochilish marosimida soʻzga chiqqan ekologiya vaziri oʻrinbosari Iskandar Qutbiddinov tabiiy meros bugungi kunda mamlakatimizni xalqaro maydonda ilgari surishda muhim rol oʻynayotganini taʼkidladi. Koʻrgazma ekspozitsiyasi jamiyatga atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish zarurligini va har bir insonning sayyoramizni saqlash uchun javobgarligini eslatishga qaratilgan.

Koʻrgazmada Oʻzbekistonning tabiiy merosi – gidrologik va geologik obyektlardan tortib biologik va paleontologik yodgorliklargacha boʻlgan boyligini namoyish etuvchi 60 ta fotosurat taqdim etilgan. Tashrif buyuruvchilar butun mamlakat boʻylab joylashgan suv resurslari, noyob landshaftlar, flora va fauna, tuproq xususiyatlari, shuningdek, tabiiy monumentlarni aks ettiruvchi kadrlarni koʻrishlari mumkin. Fotosuratlar professional fotosuratchilar va iqtidorli havaskorlar tomonidan ishlangan.

Kadrda tabiiy meros: Toshkentda fotokoʻrgazma ochildi
Fotokoʻrgazma ekologik madaniyatni shakllantirish va atrof-muhitga hurmat bilan munosabatda boʻlishga yoʻnaltirilgan. Iqlim oʻzgarishlari oldida ayniqsa zaif boʻlgan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning hayvonlari, oʻsimliklari va landshaftlariga alohida eʼtibor qaratilgan.

Koʻrgazmaga parallel ravishda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tomonidan nashr etilgan “Oʻzbekistonning tabiiy merosi” va “Oʻzbekiston tabiati fasllarda” nomli albom-kitoblarining taqdimoti boʻlib oʻtmoqda. Ushbu kitoblar davlat ekologik siyosatining asosiy yoʻnalishlarini aks ettiradi va koʻp yillik kompleks tadqiqotlar natijalariga asoslangan. Nashrlarga mamlakatimizning tabiiy yodgorliklari: qadimiy daraxtlar va oʻrmonlar, daryolar, tabiiy koʻllar va buloqlar, sharsharalar va daralar, togʻlar va muzliklar, choʻllar va barxanlar, oʻsimlik va hayvonlar yashaydigan asosiy joylar, shuningdek, qoʻriqxonalar va milliy bogʻlar haqidagi maʼlumotlar kiritilgan.

Kadrda tabiiy meros: Toshkentda fotokoʻrgazma ochildi
Taʼkidlash joizki, koʻrgazma va taqdim etilgan kitoblar ekologiya va barqaror rivojlanish masalalari bilan qiziquvchilar uchun foydali boʻladi. Materiallar oʻqituvchilar va talabalar, maktab oʻquvchilari, tadqiqotchilar va tabiatdan foydalanish sohasidagi mutaxassislar, shuningdek, ekologik madaniyat darajasini oshirishga va Oʻzbekistonning tabiiy boyligi qanchalik nozik va qimmatli ekanini tushunishga intiluvchilar uchun qimmatli manba boʻlib xizmat qilishi mumkin.

Koʻrgazma 14-dekabrgacha davom etadi, kirish bepul.

Сўнгги янгиликлар

Категориялар

© Yangiliklar24 . All Rights Reserved.