Dastur doirasida Markaziy Osiyo uchun umumiy qiymati 18,4 million AQSh dollari miqdoridagi loyihalar amalga oshiriladi. CAWLN dasturi Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston kabi mamlakatlar duch kelayotgan umumiy ekologik chaqiriqlarga yechim topishga qaratilgan. Mintaqa yirik daryo havzalari, botqoqliklar, dashtlar, yarim cho‘l va tog‘ ekotizimlari kabi qimmatli tabiiy hududlarga boy bo‘lishiga qaramay, antropogen bosim, resurslar uchun raqobat, iqlim o‘zgarishi hamda yerlarning degradatsiyasi keskin kuchayib bormoqda.
Tadbir davomida CAWLN dasturining ilmiy asoslangan, uyg‘unlashtirilgan va integratsiyalashgan yondashuvlarga asoslangan loyihalari taqdim etildi. Ular suv va yer resurslarini barqaror boshqarish, o‘rmonlarning qisqarishini oldini olish, qishloq xo‘jaligida chidamlilikni oshirish, bioxilma-xillikni saqlash hamda iqlim o‘zgarishiga moslashuvni kuchaytirishni nazarda tutadi.
Tadbirning ochilish qismida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov hamda FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov kirish so‘zlari bilan ishtirok etdilar.
Tadbir yakunida CAWLN dasturi doirasidagi O‘zbekiston loyihalarini tasdiqlovchi rasmiy imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu mamlakatning va umuman mintaqaning tabiiy resurslarni barqaror boshqarish borasidagi qat’iy pozitsiyasini va mintaqaviy hamkorlikka sodiqligini tasdiqladi. Ishtirokchilar suv xavfsizligini mustahkamlash, ekotizimlarni asrash, hududlarning iqlimga chidamliligini oshirish va tajriba almashishni kuchaytirish muhimligini alohida qayd etdilar.
“CAWLN doirasidagi loyihalar FAO va O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi uzoq muddatli va samarali hamkorlikning mantiqiy davomidir. Tashabbus Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, xalqaro tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin hamkorlikda amalga oshiriladi. Bizning umumiy vazifamiz — suv va yer resurslaridan oqilona foydalanishni kuchaytirish, ekologik muvozanatni tiklash, bioxilma-xillikni saqlash va qishloq hududlarida farovon hayot uchun barqaror poydevor yaratishdir,” — dedi FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov.
Markaziy Osiyo Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon, Panj va Norin kabi yirik daryolar havzalari, tog‘ va yaylov ekotizimlari, cho‘l va yarim cho‘l landshaftlari bilan ekologik jihatdan noyob hudud hisoblanadi. Biroq, resurslarga talabning ortishi, aholining ko‘payishi, yerlarning degradatsiyaga uchrashi, suv tanqisligining kuchayishi va iqlim o‘zgarishini tezlashib borishi ekologik barqarorlikni jiddiy xavf ostiga qo‘ymoqda. Bugungi kunda mintaqa yerlarining qariyb yarmi degradatsiya holatida bo‘lib, iqtisodiy zarar yiliga 6 milliard AQSh dollarigacha yetmoqda. Suv resurslarining cheklanganligi esa qishloq xo‘jaligi, energetika, ichimlik suvi ta’minoti va ekotizimlarning barqarorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.
Ana shunday murakkab sharoitda CAWLN dasturi Markaziy Osiyoda suv va yer resurslarini ilmiy asoslangan, integratsiyalashgan va mintaqaviy yondashuv orqali boshqarishni takomillashtirish, erta ogohlantirish tizimlarini kuchaytirish, ekotizimlarni tiklash va iqlimga chidamlilikni oshirishni maqsad qiladi. GEJ tomonidan moliyalashtiriladigan yetti yirik loyiha uyg‘unlashtirilayotgan ushbu dasturda O‘zbekiston to‘rt muhim loyihada faol ishtirok etadi.
Loyihalarning birinchisi Amudaryo, Zarafshon va Panj havzalarida integratsiyalashgan suv boshqaruvini kuchaytirish bo‘lib, bu yo‘nalishga 5,84 million AQSh dollari ajratilgan. Loyiha daryo havzalarida suv resurslarini barqaror boshqaish tamoyillarini joriy etish, monitoring va ma’lumot almashinuvini modernizatsiya qilish, ekologik oqimlarni saqlab qolish hamda transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlashni nazarda tutadi.
Ikkinchi loyiha – Sirdaryo va Norin havzalarida suv boshqaruvini takomillashtirish, bu yo‘nalish uchun 5 million AQSh dollari mablag‘ ajratilgan. Loyiha suv taqsimoti samaradorligini oshirish, erta ogohlantirish tizimlarini rivojlantirish, suv sifatini nazorat qilish mexanizmlarini yangilash va davlatlararo muvofiqlashtirishni kuchaytirishga qaratilgan.
Uchinchi loyiha — O‘zbekistonda integratsiyalashgan yer va suv boshqaruvi orqali ekotizim xizmatlari va bioxilma-xillikni qo‘llab-quvvatlash loyihasi hisoblanib, umumiy qiymati 5,6 million AQSh dollarini tashkil etadi. Mazkur loyiha degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, agroekologik yondashuvlarni kengaytirish, noyob o‘simlik navlari va agro-bioxilma-xillikni asrash, ekotizim xizmatlarini mustahkamlash va mahalliy aholining farovonligini oshirishni maqsad qiladi.
To‘rtinchi loyiha Markaziy Osiyoning mo‘rt ekotizimlarida yer degradatsiyasini kamaytirishga qaratilgan mintaqaviy loyiha bo’lib, bu yo‘nalish uchun 2 million AQSh dollari ajratilgan. Loyiha cho’llanish xavfi yuqori hududlarda yerlarni tiklash, barqaror yer boshqaruvi amaliyotlarini joriy etish, monitoringni kuchaytirish va mahalliy hamjamiyatlarning iqlimga chidamliligini oshirishni o‘z ichiga oladi.
COP 20 doirasida imzolangan ushbu strategik hujjatlar Markaziy Osiyo davlatlarining global ekologik kun tartibiga sodiqligi, mintaqaviy hamkorlikning mustahkamlanishi va umumiy ekologik chaqiriqlarga birgalikda javob topish yo‘lidagi qat’iyati ifodasi bo‘ldi. GEJning yangi loyihalari suv xavfsizligini kuchaytirish, yerlar degradatsiyasini kamaytirish, ekotizimlarning barqarorligini oshirish, mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirlariga bardoshlilikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
© Yangiliklar24 . All Rights Reserved.