Islomoboddagi muzokaralar muloqotning davriy uchrashuvlar formatidan tizimli oʻzaro hamkorlik mexanizmiga aylanishini namoyish etdi. Bu kontekstda muhim voqea sifatida Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining birinchi yigʻilishi oʻtkazilishi boʻlib, ushbu formatni ikki tomonlama munosabatlar arxitekturasining «tayanch konstruksiyasi»ga aylantirdi.
Mazkur platformaning ishga tushirilishi aniq natijalarga erishishga qaratilgan tizimli ishlarning boshlanishini anglatdi. Buni uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan «yoʻl xaritalari», Qoʻshma deklaratsiyada va davlatlararo oʻzaro hamkorlikning deyarli barcha sohalarini qamrab olgan qariyb 30 ta hujjatdan iborat salmoqli paket qabul qilingani tasdiqlaydi.
Siyosiy maslahatlashuv mexanizmlarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi: tomonlar Toshkentda tashqi siyosat idoralarining Muvofiqlashtiruvchi qoʻmitasining birinchi yigʻilishini oʻtkazishga kelishib oldilar, shuningdek xalqaro maydonda oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni tasdiqladilar. Xususan, Islomobodning Oʻzbekistonning JSTga a’zo boʻlishiga koʻmagi alohida ta’kidlandi va Pokistonning 2025–2026 yillarda BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy boʻlmagan a’zosi sifatidagi konstruktiv roli qayd etildi.
Ayniqsa yorqin voqea sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga oliy davlat mukofoti – «Nishon-e-Pokiston» ordenini tantanali topshirish marosimi boʻldi. Ushbu mukofotning Prezident Asif Ali Zardari tomonidan topshirilishi yetakchilar oʻrtasidagi shaxsiy ishonchning yuqori darajasini yaqqol tasdiqladi hamda Oʻzbekiston Rahbarining ikki xalq doʻstligini mustahkamlashdagi tarixiy xizmatlarining e’tirofi boʻldi.
Sammitning yana bir muhim tarkibiy qismi xavfsizlik sohasidagi hamkorlik boʻldi. Oʻzbekiston rahbari Pokiston quruqlik qoʻshinlari qoʻmondoni feldmarshal Asim Munir bilan alohida uchrashuv oʻtkazdi, erishilgan kelishuvlar esa mudofaa vazirliklari oʻrtasida imzolangan «yoʻl xaritasi»da mustahkamlandi.
Shu bilan birga, ushbu yoʻnalishdagi oʻzaro hamkorlik huquqni muhofaza qilish sohasida qabul qilingan kelishuvlar paketi hisobiga sezilarli darajada kengaytiriladi. Tashrif davomida korrupsiyaga qarshi kurashish, giyohvand moddalar noqonuniy aylanishiga qarshi kurash va hukm qilingan shaxslarni oʻzaro topshirish toʻgʻrisidagi ikki tomonlama shartnomalarga erishildi, bu esa transchegaraviy tahdidlarga qarshi kurashda ishonch va muvofiqlashtirishning yuqori darajasidan dalolat beradi.
Xavfsizlik sohasidagi sheriklikni mustahkamlash bilan bir qatorda, muzokaralarda iqtisodiy hamkorlik asosiy oʻrinni egalladi. Bu yoʻnalishda qoʻshma ishlar uchun mustahkam poydevor avval boʻlib oʻtgan Hukumatlararo komissiyaning 10-sessiyasi davomida yaratildi. Unda tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish boʻyicha yangi mexanizmlar, jumladan fitosanitariya protokollarini kelishishni jadallashtirish va mehnat munosabatlari boʻyicha qoʻshma ishchi guruh tuzish ishlab chiqildi.
Yana bir muhim voqea sifatida ikki davlat rahbarlari hamda 300 dan ortiq yetakchi korxona, kompaniya va ishbilarmonlik tuzilmalari vakillari ishtirok etgan qoʻshma biznes-forum boʻldi. Tadbir yakunida ilk bor erishilgan kelishuvlar toʻgʻrisidagi Protokol imzolandi, unda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishning aniq muddatlari belgilandi va vazirlik hamda idoralar rahbarlarining shaxsiy mas’uliyati oʻrnatildi.
Mazkur tashabbuslarni oliy darajada mustahkamlab, ikki mamlakat yetakchilari qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik sanoati va geologiyadan tortib raqamli texnologiyalar, logistika va farmatsevtikagacha boʻlgan iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini qamrab olgan salmoqli hujjatlar paketini qabul qildilar. Shu bilan birga radiatsiya va yadroviy xavfsizlik, ekologiya, favqulodda vaziyatlarni boshqarish sohalarida muhim kelishuvlar qabul qilindi.
Strategik sheriklikni kengaytirish boʻyicha tanlangan yoʻnalishning samaradorligi aniq koʻrsatkichlar bilan tasdiqlanmoqda: soʻnggi 8 yil ichida oʻzaro savdo hajmi 15 baravar oshib, oʻtgan yil yakunlariga koʻra qariyb 500 million dollarga yetdi. Ijobiy dinamikaning barqarorligini ta’minlash va tovar ayirboshlashni 2 milliard dollarga yetkazish maqsadida amaldagi preferensial savdo toʻgʻrisidagi bitim doirasida tovar nomenklaturasini bir necha baravar kengaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Oʻzbek-pokiston munosabatlarining yana bir muhim «drayveri» investitsiyaviy hamkorlikdir. Xususan, soʻnggi 8 yil ichida Oʻzbekistonda pokiston kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 6,5 baravar oshib, qariyb 230 taga yetdi. Ushbu dinamikani qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻtgan tashrif davomida 3,5 milliard dollarlik qoʻshma loyihalar portfeli shakllantirildi, shuningdek Oʻzbek-Pokiston Ishbilarmonlar kengashini tuzish boʻyicha kelishuvga erishildi va kichik hamda oʻrta biznesni rivojlantirish sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim imzolandi.
Shu bilan birga, Oʻzbek-Pokiston sherikligining institutsional bazasi Samarqand va Islomobod, Termiz va Peshovar ma’muriyatlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnomalar bilan mustahkamlandi. Bundan tashqari, ikki mamlakat viloyatlari va provinsiyalari oʻrtasidagi muloqotni yoʻlga qoʻyishning birinchi qadami sifatida joriy yilning oʻzida Xiva shahrida Mintaqalararo forum oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Hamkorlikning yana bir strategik ustuvor yoʻnalishi transport-logistika oʻzaro bogʻliqligini mustahkamlashdir. Xususan, port xizmatlari sohasida bitim imzolandi, bu esa «Termiz – Naybobod – Logar – Xarlachi» temir yoʻli loyihasini amalga oshirishga muhim qoʻshimcha boʻladi. Hisob-kitoblarga koʻra, ushbu yoʻlakni rivojlantirish yuklarni yetkazib berish muddatini 3–5 kungacha qisqartirib, ularning qiymatini 40 foizga kamaytiradi hamda Markaziy Osiyoni Karachi va Gvadar portlari bilan integratsiyalashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga «Pokiston – Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston» yangi transport koridorini yaratish va ushbu yoʻnalish boʻyicha sinov tashuvlarini joriy yil fevral oyidayoq boshlash toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bu logistika xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirish, ta’minot barqarorligini oshirish va tashqi savdo aloqalarini diversifikatsiya qilishga xizmat qiladi.
Madaniy-gumanitar hamkorlik ham yangi bosqichga chiqdi. Bunga Bobur nomidagi bogʻning barpo etilishi va Islomoboddagi koʻchalardan biriga «Toshkent» nomi berilishi, Lahorda qoʻshma madaniyat markazining tashkil etilishi, shuningdek Pokistonda Oʻzbekiston madaniyati haftaligi va oʻzbek kinosi kunlarining oʻtkazilishi yorqin dalil boʻldi. Bunga muhim qoʻshimcha sifatida akademik aloqalar kengaytirildi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Peshovar universiteti oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim qabul qilindi.
Strategik oʻzaro hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha yana bir muhim qadam sifatida Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Islomobod mintaqaviy tadqiqotlar instituti oʻrtasida Oʻzbek-Pokiston ekspertlar kengashini tashkil etish toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi. Yangi format strategik sheriklikni analitik jihatdan qoʻllab-quvvatlash va qoʻshma tashabbuslarni muvofiqlashtirish uchun doimiy platformaga aylandi.
Umuman olganda, tashrif yakunlari Oʻzbek-Pokiston hamkorligiga mintaqalararo integratsiyaning oʻziga xos «lokomotivi» sifatidagi rolni mustahkamladi. Yetakchilarning qat’iy siyosiy irodasi, keng koʻlamli iqtisodiy loyihalar va chuqurlashib borayotgan madaniy-gumanitar muloqot uygʻunligi Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasida barqaror rivojlanish va oʻzaro bogʻliqlikni tiklash uchun tarixiy imkoniyatni taqdim etadi.
Kayrat Axmedov,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) yetakchi ilmiy xodimi
© Yangiliklar24 . All Rights Reserved.